Yangiliklar

12 Fevral 2025

Xodimlar ishtirokida maʼrifiy kecha: "Boburnoma" - tarixiy merosga chuqur nazar

Milliy gvardiya Xorazm viloyati “Qoʻriqlash” boshqarmasi xodimlari ishtirokida Urganch shahridagi Viloyat axborot-kutubxona markazida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda yozuvchilar, adabiyotshunoslar va kitobxonlar ishtirok etib, badiiy adabiyotning yorqin namoyondalari hayoti va ijodi, shuningdek, kitob mutolaasining inson tafakkuri va maʼnaviy kamolotiga taʼsiri haqida fikr almashdilar.

Tadbir doirasida buyuk sarkarda va mumtoz adabiyotning zabardast namoyondasi Zaxiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi, uning noyob asari – "Boburnoma" muhokamasi oʻtkazildi. Ishtirokchilar asarning tarixiy ahamiyati, undagi badiiy va falsafiy jihatlar, shuningdek, Boburning davlatchilik va ijtimoiy hayotga oid qarashlari xususida fikr yuritdilar.

Kechada maʼruzachilar kitob oʻqishning inson maʼnaviyatini boyitishdagi oʻrni, mutolaa madaniyatini shakllantirish va yoshlar orasida kitobxonlikni keng targʻib etish muhim ekanini alohida taʼkidladilar.