Yangiliklar

11 Yanvar 2025

Tarixni anglash muzeylardan boshlanadi

Qishki taʼtilda maktab oʻquvchilariga vaqtini maroqli va foydali oʻtkazish imkoniyatini yaratish, qolaversa, ushbu yoshlarda ona vatanga boʻlgan muhabbat tuygʻusini hamda vatanparvarlik ruhini shakllantirish maqsadida hududlarda turli tadbirlar hamda uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Jumladan, kuni kecha Milliy gvardiya Andijon viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi tashabbusi bilan Qoʻrgʻontepa tumani 65-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari viloyat Davlat tarixi va madaniyati muzeyiga tashrif buyurdilar.
Oʻtkazilgan tadbir davomida oʻquvchilar muzey tarixshunoslari tomonidan oʻzlariga kerakli boʻlgan maʼlumotlarga ega boʻlib, turli asori-atiqalar bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa oʻgʻil-qizlarda yurtimizning qadimiy yodgorliklaridan topilgan ashyolar, devoriy tasvirlar, uy-roʻzgʻor buyumlari, mehnat qurollari, qadimiy yozuvlar tasvirlangan ashyolar katta taassurot oldirdi.
Bundan tashqari, Sirdaryo viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi boshqa hamkor idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda Toʻra Sulaymonning uy muzeyiga sayohat uyushtirildi.
Taʼkidlash joizki, ushbu muzey Sirdaryo viloyatida yashab ijod qilgan, oʻzining xalqchil sherlari bilan insonlar qalbini zabt etgan shoirimiz Toʻra Sulaymonning koʻp yillik ijodiy hayot yoʻlini haqqoniy va toʻlaqonli aks ettirish maqsadida 2024 yilda shoir yashab oʻtgan uyda tashkil etildi. Muzeyga tashrif buyurgan yoshlar muzey mutaxassislari tomonidan shoirning hayot va ijod yoʻli haqidagi arxiv hujjatlari, fotosuratlar, ashyoviy buyumlar, kitoblar, videomateriallar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishdi.