Yangiliklar

9 Dekabr 2025

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabida viloyat Qoʻriqlash boshqarmasi hamkorligida “Konstitutsiya bolalar nigohida” mavzusida rasmlar tanlovi oʻtkazildi. Tanlovda Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlarining farzandlari hamda “Barkamol avlod” bolalar maktabi oʻquvchilari ishtirok etdi.

Tashkilotchilar tadbir avvalida ishtirokchilarga Konstitutsiya – yurtimizning bosh qonuni sifatida inson huquq va erkinliklarining kafolati, jamiyat va davlat barqarorligining asosi ekanligi, har bir yurtdoshimiz uchun tenglik, adolat va farovonlikni taʼminlab beruvchi muhim hujjat ekanligini taʼkidladi. Shu oʻrinda, mutaxassislar bolalarga Konstitutsiyaning asosiy bandlari, ularga berilayotgan huquqlar va masʼuliyatlar haqida qiziqarli va tushunarli tarzda tushuntirib berishdi.

Tanlov jarayonida yoshlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mohiyati, uning inson shaʼni, erki va huquqlarini himoya qilishdagi oʻrnini oʻz tasavvurlari orqali rasmlarda ifodalashdi. Chizilgan har bir asarda Vatanga muhabbat, tinchlik, qonun ustuvorligi, adolat va mustaqillik gʻoyalari oʻz innovatsion va bolalarcha obrazli talqinda aks etdi.

Ishtirokchilar oʻrtasidagi bellashuv ijodiy ruhda, doʻstona muhitda va yuqori faollik bilan oʻtdi. Bolalar ranglar uygʻunligi va kompozitsiya orqali Konstitutsiya haqidagi bilim va tasavvurlarini namoyon etdilar. Tanlov hakamlari rasmlarni mazmunga mosligi, ijodiy yondashuv, tasvir sifati va bolalarning mustaqil fikri asosida baholadilar.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar va gʻoliblar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Bu kabi tadbirlar yosh avlodning huquqiy ongi, ijodkorlik qobiliyati va Vatanga boʻlgan mehrini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.