Yangiliklar

8 Dekabr 2025

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligiga 33 yil toʻlishi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda

Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat Axborot-kutubxona markazida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligiga 33 yil toʻlishi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Qoʻriqlash boshqarmasi shaxsiy tarkibi, oʻquvchilar yoshlar hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida asosiy qomusimiz — Konstitutsiyaning tarixiy ahamiyati, inson huquq va erkinliklarini kafolatlovchi normalar, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi oʻrni haqida atroflicha tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan kuy-qoʻshiqlar va sheʼrlar bayramga koʻtarinki ruh bagʻishladi, tadbirni yanada mazmunli va taʼsirchan etdi. Yakunda faol ishtirok etgan ishtirokchilarga Qoʻriqlash boshqarmasining tashakkurnomalari hamda qimmatbaxo sovgʻalari tantanali tarzda topshirildi.

Shu bilan birga Jizzax viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi va SH.Rashidov tumani ixtisoslashtirilgan maktabi bilan hamkorlikda "Siz qonunni bilasizmi?" shiori ostida tadbir tashkil etilgan boʻlib, shaxsiy tarkib va yoshlar oʻrtasida huquqiy madaniyatni oshirish, Vatanga muhabbat va hurmat tuygʻularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Uchrashuv dasturida oʻquvchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan Konstitutsiyaning asosiy qoidalarini bilish boʻyicha viktorinalar, intellektual tanlovlar va interaktiv topshiriqlar oʻtkazildi. Bolalar savolga qiziqish bilan javob berishdi, haqiqiy huquqiy holatlarni muhokama qilishdi va qonunlarni juda yaxshi bilishlarini namoyish etishdi. Musobaqalar yakunida eng faol ishtirokchilar Jizzax viloyati Qoʻriqlash boshqarmasining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.