Yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” — vatanparvarlik va fidoyilik maktabi
Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari hamda Qoʻriqlash xizmati xodimlari tashabbusi bilan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirish, shuningdek, dunyoqarashini yanada kengaytirish maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbirda taʼlim muassasalari, umum taʼlim maktab oʻquvchilari va yoshlar faol ishtirok etdilar. Tadbir davomida ishtirokchilar Ichki ishlar organlarining kundalik faoliyati, xizmat yoʻnalishlari, jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, yoshlarga xizmat jarayonida qoʻllaniladigan maxsus vositalar, texnik jihozlar va xizmat avtomobillari namoyish etildi. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan vatanga sadoqat, kasbga muhabbat, fidoyilik va masʼuliyat kabi yuksak fazilatlar haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Tadbirning amaliy qismida yoshlar uchun turli koʻrgazmali chiqishlar, maʼnaviy-maʼrifiy suhbatlar hamda savol-javoblar tashkil etildi. Bu esa ishtirokchilarda Ona-Vatanga boʻlgan muhabbat tuygʻusini yanada mustahkamlash, kelajakda yurt ravnaqi yoʻlida xizmat qilishga boʻlgan qiziqishni oshirishga xizmat qildi.