Yangiliklar

14 Yanvar 2026

“Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni” — yorqin xotiraga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir

Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 3-sonli umumtaʼlim maktabida 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yuksak maʼnaviy ahamiyatga ega boʻlgan tadbir oʻtkazildi. Ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbir Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tuman hokimligi, Qoʻriqlash xizmati, Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hamda faxriylar ishtirokida tashkil etildi.

Tadbir maktabning sobiq oʻquvchisi, xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik va jasorat koʻrsatib, fuqarolar hayotini saqlab qolish vaqtida halok boʻlgan Namangan viloyati IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmati safdor xodimi — marhum Abdulvoxidov Abdulxodi Abduaziz oʻgʻlining yorqin xotirasiga bagʻishlandi. “Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni” mavzusida oʻtkazilgan ushbu tadbir Vatan himoyasi yoʻlida jonini fido qilgan qahramonning xotirasini ulugʻlash, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, jasorat va fidoyilik tuygʻularini mustahkamlashga qaratildi.

Tadbir avvalida davlatimiz mustaqilligi, tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish yoʻlida xizmat qilayotgan harbiylar va huquq-tartibot organlari xodimlarining sharafli mehnati haqida soʻz yuritildi. Marhum Abdulvoxidov Abdulxodi Abduaziz oʻgʻlining hayot yoʻli, xizmat faoliyati, burchga sadoqati va qahramonligi alohida eʼtirof etildi. Uning mardonavor harakatlari yoshlar uchun ibrat maktabi ekani taʼkidlandi.

Tadbir davomida maktab oʻquvchilari tomonidan vatanparvarlik ruhidagi sheʼrlar oʻqildi, sahna koʻrinishlari va qoʻshiqlar ijro etildi. Faxriylar va mehmonlar soʻzga chiqib, Vatanga muhabbat, tinchlik qadri, harbiy xizmatning masʼuliyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.