Yangiliklar

12 Yanvar 2026

Xizmat va ijro intizomini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

Surxondaryo viloyati Qoʻriqlash xizmatida qonunchilik va xizmat intizomini mustahkamlash, shaxsiy tarkib masʼuliyatini yanada oshirish hamda xizmat faoliyati samaradorligini taʼminlash maqsadida navbatdagi yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Videoselektor tarzida tashkil etilgan uchrashuvda viloyat IIB hamda Qoʻriqlash xizmati rahbariyati ishtirok etib, har bir xodim xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, ichki tartib-qoidalarga qatʼiy amal qilishi zarurligi taʼkidlandi. Oʻtgan yilda xizmat davomida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, ularning sabablari atroflicha tahlil qilinib, kelgusida salbiy holatlarga yoʻl qoʻymaslik, maʼnaviy-maʼrifiy hamda tarbiyaviy ishlarni jadallashtirish, nazoratni kuchaytirish yuzasidan masʼul rahbarga tegishli vazifalar yuklatildi.

Taʼkidlanganidek, xizmat intizomi — Qoʻriqlash xizmati faoliyatining asosiy mezonlaridan biri boʻlib, har bir xodimdan yuqori darajadagi masʼuliyat, hushyorlik va fidoyilikni talab qiladi. Shu munosabat bilan shaxsiy tarkib oʻrtasida intizomiy talablarni kuchaytirish, profilaktik tushuntirish ishlarini muntazam olib borish zarurligi qayd etildi.

Yigʻilish yakunida mazkur yoʻnalishda aniq vazifalar belgilanib, yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklarga nisbatan tegishli choralar koʻrish, shu bilan birga namunaviy xizmat koʻrsatayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.