Yangi yil arafasida mehr va eʼtibor
Yangi yil bayrami arafasida Buxoro viloyati Qoʻriqlash xizmati rahbariyati tomonidan xodimlarning farzandlariga bayramona sovgʻalar topshirish tadbiri tashkil etildi. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi – xodimlarimizning oilalariga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish, bolajonlarga quvonch va bayramona kayfiyat ulashishdan iborat boʻldi.
Tadbir davomida rahbariyat vakillari xodimlar va ularning farzandlarini Yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklab, kelayotgan yil ularga sogʻlik, baxt, tinchlik va omad olib kelishini tiladilar. Bolajonlarga topshirilgan sovgʻalar ularning yuzlarida quvonch va tabassum uygʻotib, bayram kayfiyatini yanada oshirdi.
Mazkur ezgu tashabbus jamoada ijtimoiy masʼuliyat va insonparvarlik qadriyatlari ustuvor ekanini yana bir bor namoyon etdi. Xodimlar tomonidan koʻrsatilayotgan fidokorona mehnat, masʼuliyat va sadoqat rahbariyat tomonidan doimiy ravishda eʼtirof etilib, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bunday tadbirlar jamoada oʻzaro hurmat, ishonch va birdamlik muhitini mustahkamlab, xodimlarning ish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan birga, ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlash yoʻlidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.