Yangiliklar

23 Dekabr 2025

Surxondaryoda Qoʻriqlash xizmati rahbariyati tomonidan taʼlim muassasalari xavfsizligi oʻrganilmoqda

"Xavfsiz taʼlim" konsepsiyasini joriy etish orqali davlat va xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari, texnikum hamda oliy taʼlim muassasalarida xavfsiz muhitni yaratish ustuvor vazifalardan biridir. 

Surxondaryo viloyati Qoʻriqlash xizmati rahbariyati tomonidan Termiz shahridagi taʼlim muassasalarining qoʻriqlovi, oʻrnatilgan "tashvish" tugmalari hamda ularning ishlash holati koʻzdan kechirildi.

Taʼlim muassasalarining idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchi-xizmatchilarining xizmatni olib borish tartibi, navbatchilikni tashkil etish, kirish-chiqish nazorati, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish boʻyicha bilim va koʻnikmalari oʻrganildi. Taʼlim dargohlaridan tushgan chaqiruvga tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlarining munosabati baholandi.  

Bundan tashqari, taʼlim muassasalarida “Xavfsiz taʼlim” konsepsiyasini joriy etish orqali texnik qoʻriqlash vositalarini takomillashtirish, "tashvish" tugmalari va videokuzatuv tizimlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, shuningdek, ishchi-xizmatchilarining kasbiy tayyorgarligini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Oʻrganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, Qoʻriqlash xizmatini yanada samarali tashkil etish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.