Taʼlim muassasalarida xavfsizlik tizimini zamonaviy texnik vositalar yordamida takomillashtirish hamda qorovullik xizmatini samarali tashkil etish maqsadida Sirdaryo viloyati Qoʻriqlash xizmati rahbariyati tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi
Sirdaryo viloyati Qoʻriqlash xizmati rahbariyati tomonidan Guliston shahrida oʻrganish ishlari olib borilib, bu kabi keng koʻlamli ishlar viloyat hududidagi maktablarda ham oʻtkazilmoqda.
Tekshiruv jarayonida taʼlim muassasalarida xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarning qay darajada tashkil etilgani, jumladan, qorovullar tomonidan maktab hududiga begona va ruxsatsiz shaxslarni kiritmaslik boʻyicha olib borilayotgan xizmat faoliyati atroflicha oʻrganildi.
Shuningdek, maktab masʼullariga tashvish tugmalari, ulardan foydalanish tartibi, tezkor harakatlanuvchi guruhlar haqida yana bir bor eslatib oʻtildi.
Asosiy maqsad taʼlim muassasalarida xavfsizlikni yanada kuchaytirish, ehtimoliy xavf-xatarlarning oldini olish va oʻquvchilarning xotirjam hamda xavfsiz taʼlim olishlarini taʼminlashga qaratilgan.