Yangiliklar

8 Dekabr 2025

Surxondaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi rahbariyati tomonidan Jarqoʻrgʻon tumanida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, obyektlar hamda taʼlim muassasalari xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar oʻrganildi

Surxondaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik A.Choriyev Jarqoʻrgʻon tumanida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini taʼminlash hamda obyekt va xonadonlarni qoʻriqlovga olish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrgandi. Bu jarayonda tumandagi mavjud holat, xizmat samaradorligi va profilaktik chora-tadbirlarning amaliy ijrosi atroflicha tahlil qilindi.

Boshqarma boshligʻi avvalo aholi osoyishtaligini taʼminlash va obyekt va xonadonlarni muhofaza qilishga qaratilgan tadbirlarning amaliy natijalarini koʻzdan kechirib, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha masʼul xodimlarga aniq vazifalar yukladi. Shu bilan birga, qoʻriqlovga olingan obyektlar holati, texnik vositalardan foydalanish darajasi hamda obyektlardagi xavfsizlik tartib-qoidalarining bajarilishi oʻrganildi.

Xodimlarning kundalik xizmat olib borish jarayonlari, chaqiruvlarga chiqish tezkorligi, xizmat intizomi va fuqarolar bilan muloqot madaniyati ham baholandi. Rahbariyat tomonidan xodimlarga xizmatni yanada yuqori saviyada tashkil etish, huquqbuzarliklarning oldini olishda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish hamda aholiga sifatli xizmat koʻrsatish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.

Olib borilayotgan amaliy ishlar, albatta, xizmat samaradorligini oshirishga, xodimlarning masʼuliyatini kuchaytirish va joylarda xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatlidir.