Samarqand viloyat Qoʻriqlash xizmati shaxsiy tarkibi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, jamoaviylik va hamjihatlikni mustahkamlash, xodimlarning jismoniy tayyorgarligini yanada oshirish maqsadida sportning voleybol turi boʻyicha Qoʻriqlash xizmati boshligʻi kubogi musobaqasi boʻlib oʻtdi
Samarqand viloyat Qoʻriqlash xizmati shaxsiy tarkibi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, jamoaviylik va hamjihatlikni mustahkamlash, xodimlarning jismoniy tayyorgarligini yanada oshirish maqsadida sportning voleybol turi boʻyicha Qoʻriqlash xizmati boshligʻi kubogi musobaqasi boʻlib oʻtdi.
Ushbu musobaqada viloyatning barcha tuman va shahar qoʻriqlash boʻlimlari jamoalari faol ishtirok etdi. Musobaqaning ochilish marosimida Samarqand viloyati Qoʻriqlash xizmati boshligʻi M.Mirzaraxmedov musobaqani ochib berar ekan, masʼullarga oʻyin shaffof tarzda oʻtishini nazorat qilish lozimligini taʼkidladi. Shuningdek musobaqa davomida barcha jamoalarga omad tiladi.
Bellashuvlar yuqori kayfiyatda, qiziqarli va shiddatli tarzda oʻtdi. Har bir jamoa gʻalaba uchun bor mahoratini namoyon etdi. Oʻyinlar jarayonida kuchli raqobat, sportchilarning jipsligi va irodasi yaqqol koʻzga tashlandi. Musobaqa yakuniga koʻra, kuchli va tayyorgarligi yuqori jamoalar saralab olindi. Natijalarga koʻra, 3-oʻrinni Nurobod tuman Qoʻriqlash xizmati jamoasi, 2-oʻrinni Ishtixon tuman Qoʻriqlash xizmati jamoasi egalladi. Samarqand shahar Qoʻriqlash xizmati jamoasi esa barcha raqiblarini ortda qoldirib, 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi va musobaqaning mutlaqoq gʻolibi, deb topildi.
Gʻolib va sovrindor jamoalar Qoʻriqlash xizmati boshligʻining kubogi hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Taqdirlash marosimida sportchilarga kelgusida ham bunday musobaqalarda faol ishtirok etish, jismoniy tayyorgarlikni yanada oshirish va xizmat faoliyatida ham shunday jipslikni saqlab qolish boʻyicha iliq tilaklar bildirildi.
Mazkur musobaqa xodimlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish, jamoaviy ruhni yuksaltirish va sport orqali doʻstona munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.