Yangiliklar

29 Dekabr 2025

Mard oʻgʻlonlar nomi doim qalblarimizda mangu saqlanadi...

Bugun Qoʻriqlash departamenti boshligʻi polkovnik Q.A.Shodibekov 2020 yil 10 fevral kuni Namangan viloyati Uychi tumanida xizmat oʻtash vaqtida qoʻriqlov ostiga olingan hududdan oqib oʻtuvchi Norin daryosida choʻkayotgan ayolni koʻrib qolib, tezkorlik bilan uni hayotini saqlab qolgan, afsuski, kuchli suv oqimi natijasida oʻzi halok boʻlgan Qoʻriqlash xodimi safdor Abdulvoxidov Abdulxodi Abdulaziz oʻgʻlining yaqinlari bilan uchrashdi.

Suhbatda Abdulxodining koʻrsatgan jasorati, hayotining soʻngi daqiqasigacha qasamyodiga sodiq qolib xizmat burchini sadoqat bilan bajarganligi, oʻz hayoti evaziga boshqa bir fuqaroning hayotini saqlab qolganligi va bu orqali mard oʻzbek oʻgʻloni siymosini yaratganligi yod etildi. Abdulxodi qisqa boʻlsa ham umri (27.06.1994й – 10.02.2020й) davomida Qoʻriqlash xizmatidagi samarali mehnati, ustozlari va safdoshlarida qoldirgan yorqin fikrlar xotirlandi. Abdulxodining oilasining ijtimoiy himoyasi va doimiy koʻmak berilishi boʻyicha Qoʻriqlash departamenti rahbari shaxsiy nazoratiga olindi.



Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi arafasida xizmat burchini ado etish vaqtida halok boʻlgan Abdulxodi Abdulvoxidov vafotidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan "Jasorat" medali bilan taqdirlangan edi.

Shuningdek uning yorqin xotirasi va jasoratini yoshlarga oʻrnak qilib koʻrsatish maqsadida Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumani 3 umumiy oʻrta taʼlim maktabida qahramon xotirasiga barelef oʻrnatilgan.

Mard oʻgʻlonlar nomi doim qalblarimizda mangu saqlanadi...