Qoʻriqlash Departamenti Faxriylar kengashining birinchi maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Qoʻriqlash faoliyatini yanada takomillashtirish, tizimdagi mavjud muammolarga professional yechimlarini belgilash maqsadida Qoʻriqlash Departamenti tizimlarida uzoq vaqt ishlagan, hozirda nafaqada boʻlgan faxriy xodimlardan iborat maslahat kengashining doimiy faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bugun Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasida ushbu kengashning ilk maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Qoʻriqlash Departamenti rahbariyati, soha masʼullari, qoʻriqlash tizimida koʻp yillar davomida samarali mehnat qilgan faxriylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir chogʻida Qoʻriqlash tizimining bugungi holati, amalga oshirilayotgan islohotlar, yangicha ish uslublari va tizimni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan bir qatorda, xizmat samaradorligiga taʼsir qilayotgan ayrim muammolar ham ochiq muloqot ruhida koʻrib chiqildi.
Ishtirokchilar taʼkidlaganidek, qoʻriqlash tizimi mamlakatdagi tinchlik, osoyishtalik va xavfsizlikni taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Shu sababli, har bir xodimning kasbiy saviyasini oshirish, ularning bilim va malakasini muntazam takomillashtirish, xizmat intizomiga qatʼiy rioya etilishini nazorat qilish – bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Yosh kadrlar masalasi ham alohida eʼtibor markazida boʻldi. Zamonaviy talablarga javob beradigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash, ularda kasbga sadoqat, masʼuliyat va tashabbuskorlik fazilatlarini rivojlantirish, ijtimoiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada kuchaytirish – soha rivojining asosiy omili ekanligi qayd etildi.
Uchrashuvda ishtirok etgan faxriylar oʻzlarining yillar davomida orttirgan beqiyos tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Xizmat samaradorligini oshirish, tizimni yanada zamonaviy va ishonchli mexanizmlar bilan boyitish boʻyicha qator muhim taklif va amaliy tavsiyalarni bayon etdilar.
Kengashda yosh xodimlar oʻz gʻoyalarini oʻrtaga tashlab faxriylarning takliflariga asosan yanada boyitishdi.
Yigʻilish yakunida faxriylar va xodimlarning barcha fikr mulohazalari boʻyicha takliflar toʻplami tayyorlanib ijro uchun qabul qilindi.
Bunday uchrashuvlar tizim faoliyatini takomillashtirishda muhim qadam boʻlishi bilan ahamiyatlidir.