Fargʻona viloyati Qoʻriqlash xizmatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori targʻibotiga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi
Fargʻona viloyati Qoʻriqlash xizmatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori targʻibotiga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.
Unda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti, Malaka oshirish instituti masʼullari, apparat xodimlari va shaxsiy tarkib ishtirok etdi. Seminarda mazkur qarorning mazmun-mohiyati, qaror ijrosi doirasida yuklatiladigan ustuvor vazifalar, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar dasturi xususida maʼruzalar tinglandi.
Qayd etilganidek, 2025-yilda amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida mahallalarda jinoyatchilik 1,5 baravarga kamaygan. Yangi hujjat esa bu natijani mustahkamlash va sohani toʻliq raqamlashtirish orqali "jinoyatdan xoli hudud" konsepsiyasini hayotga tatbiq etishga qaratilgan.
Mazkur qaror qoʻriqlash xizmati xodimlari zimmasiga yanada masʼuliyatli va sharafli vazifalarni yuklaydi. Har bir xodim oʻz xizmat faoliyati orqali mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshishi, aholi ishonchini oqlashi va xavfsiz muhit yaratishda faol boʻlishi lozim. Yuksak kasbiy salohiyat, sadoqat va fidoyilik asosida olib borilayotgan xizmat esa “Xavfsiz mahalla — tinch hayot” tamoyilini hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.