Yangiliklar

10 Dekabr 2025

Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi kiberxavfsizlikka bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazdi

Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi shaxsiy tarkibi ishtirokida, IIB Kiberxavfsizlik boshqarmasi masʼullari hamkorligida “Kiberhujum va kiberxavfsizlik” mavzusida navbatdagi davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi – xodimlarning zamonaviy raqamli tahdidlar toʻgʻrisidagi bilimlarini oshirish, kiberhujumlarning turlari, ulardan himoyalanish usullari, internetda xavfsiz foydalanish qoidalarini tushuntirishdan iborat boʻldi.

Suhbat davomida mutaxassislar fishing va zararli dasturlar orqali amalga oshiriladigan hujumlar, hisoblar, parollar va shaxsiy maʼlumotlarni muhofaza qilish usullari, korxona va tashkilotlarda axborot xavfsizligini taʼminlash talablari, ijtimoiy tarmoqlarda sodir boʻlayotgan frod va kiberjinoyatlarning yangi koʻrinishlari kabi dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha maʼlumot berdilar.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan amaliy misollar asosida batafsil javoblar berildi. Ushbu davra suhbati shaxsiy tarkib oʻrtasida kiberxavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, xizmat jarayonlarida axborotdan toʻgʻri va xavfsiz foydalanish koʻnikmalarini mustahkamlashga qaratildi.